Maktab miqyosida ommalashtirilgan ish platformaga joylanmasa ustama uchun ball beriladimi? » BELLASHUV.UZ

Maktab miqyosida ommalashtirilgan ish platformaga joylanmasa ustama uchun ball beriladimi?




Savol
Metodik tavsiyam maktab miqyosida ommalashtirilgandi. Maktab miqyosida ommalashtirilganligi to‘g‘risida pedkengashning qarori ham bor.

Lekin “zavuchimiz” ustamaga ball hisoblashda ish tajribangiz ommalashtirish.uz platformasiga joylanmagan ekan deb, ball qo‘yishdan bosh tortdi. Axir maktab miqyosidagi ishlar uchun pedkengash qarorining o‘zi yetarli emasmi?

Javob
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2024-yil 7 -fevraldagi 32-sonli buyrug‘i bilan o‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibi ishlab chiqilgan.

Mazkur tartibga ko‘ra, umumta’lim muassasasining fan o‘qituvchisi tomonidan ilg‘or tajribalar asosida ishlab chiqilgan metodik ish yo‘nalishlar bo‘yicha maktabning Metodbirlashmasi tomonidan muhokama qilinadi hamda ilg‘or ish tajribaga ega deb topilgan taqdirda maktab miqyosida ommalashtirish uchun maktabning Pedagogik kengashiga tavsiya etiladi.

Metodbirlashma tavsiyasi asosida Pedagogik kengashda talabgorning metodik ishi mazkur buyruq bilan tasdiqlangan metodik ishga qo‘yilgan talablar hamda baholash mezoniga muvofiq ishlab chiqilganligi o‘rganib chiqiladi hamda maktab miqyosida ommalashtirish yoki ommalashtirmaslik bo‘yicha Pedagogik kengash qaror qabul qiladi.

Agar talabgorning metodik ishiga ijobiy xulosa berilib, ommalashtirishga loyiq deb hisoblansa, Pedagogik kengash qarori bilan maktab miqyosida ommalashtiriladi va ommalashtirish.uz platformasiga joylashtirilib keyingi bosqichlarga yuboriladi.

E’tibor bering, maktab miqyosida ommalashtirilgan metodik ishni ommalashtirish.uz platformasiga joylashtirish sharti faqatgina keyingi bosqichlar uchun belgilangan qoida hisoblanadi.

Ya’ni, maktab miqyosida ommalashtirilgan ish tajriba uchun ustamaga ball hisoblashda metodik ishning platformaga joylashtirilganligi yoki joylashtirilmaganligi umuman ahamiyatsiz.

O‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 4-bob 2-xatboshida maktab miqyosida ommalashtirilgan metodik ish uchun sertifikat berilmasligi va maktab miqyosida ommalashtirilganligiga isbot sifatida Pedagogik kengash qarori asos hisoblanib, uch yilga amal qilishi belgilangan.

Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligining 2021-yil 11-iyundagi 02-02/3-1699-sonli ko‘rsatma xatida pedagog xodimlarga direktor jamg‘armasi hisobidan ustama tayinlashda pedagoglardan taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati belgilangan.

Mazkur ko‘rsatmada o‘qituvchi ish tajribasining ommalashtirilganligi uchun pedagoglar tomonidan Ishchi guruhga ish tajribasining ommalashtirilganligi haqida tegishli kengash qarori hamda ommalashtirilgan ish tajribaning metodik majmuasi (tavsiya, qo‘llanma va boshqa materiallar) taqdim etilishi nazarda tutilgan.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, yuqoridagilarni inobatga olib, maktab miqyosida ommalashtirilgan ish tajriba uchun ustamaga ball hisoblashda pedagogik kengash qarorining o‘zi yetarli deb hisoblaymiz.

Shu sababli, bu vaziyatda pedagog xodimning ish tajribasi maktab miqyosida ommalashtirilgan bo‘lib, ammo platformaga joylanmagan taqdirda ham o‘qituvchiga baholash mezoni talablariga muvofiq 7 ball berilishi lozim.

Ma’lumot uchun: Mazkur masala yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi mas’ulining xulosasini ham oldik. Ya’ni, RTM mas’uli ham ushbu javob to‘g‘ri ekanligini tasdiqladi.


Manba




0
Добавлено: 2-07-2024, 15:18
0
125
Yuqoriga