Bitiruvchilar, pasportingizni oʻz vaqtida olishingiz OTMga onlayn topshirishga qulaylik yaratadi! » BELLASHUV.UZ

Bitiruvchilar, pasportingizni oʻz vaqtida olishingiz OTMga onlayn topshirishga qulaylik yaratadi!




Aziz bitiruvchilar!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-iyundagi “2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida” PQ-4749-son qarori bilan oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishning davlat buyurtmasi (qabul kvota) tasdiqlandi. Oliy taʼlim muassasalariga qabul kvotalari oʻtgan yilga nisbatan 20 foizdan qariyb 30 foizga oshirildi. Bu esa, bitiruvchilarga oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun katta imkoniyat yaratadi.

Mazkur yilda oliy taʼlim muassasalariga hujjatlarni qabul qilish onlayn shaklda Davlat test markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi. Ushbu onlayn qabul tizimi abituriyentlarning fuqarolik pasportidagi jismoniy shaxslarning identifikatsiya raqami (PiNFL) bilan bogʻlanadi. Shu bois, oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirishda 16 yoshga toʻlgan bitiruvchilar pasport olishlari muhim hisoblanadi.
Yurtimizda karantin cheklovlari joriy etilgani sababli pasport yoshiga (16 yosh) yetgan 41 000 dan ortiq bitiruvchilar fuqarolik pasportini oʻz vaqtida olish imkoniyatiga ega boʻlmagan.

Aziz bitiruvchi yoshlar, hurmatli ota-onalar oliy taʼlim muassasalarida hujjatlarni qabul qilishda 16 yoshga toʻlgan bitiruvchilarning pasport olishi zarur ekanligini inobatga olib, bu masalada Ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmalariga murojaat etishlaringiz soʻraladi.

Eslatib oʻtamiz, oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonlari joriy yilning 20-iyun kunidan boshlab 20-iyul kuniga qadar davom etadi.
Barchangizga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda muvaffaqiyat tilaymiz.

Manba



0
Добавлено: 17-06-2020, 22:54
0
731
Yuqoriga